Sooronboy Jeenbekov va Shavkat Mirziyoyev oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi

905
0

Sooronboy Jeenbekov va Shavkat Mirziyoyev oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi

  Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 13 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga borgan Qirgʻiziston prezidenti Sooranbay Jeenbekovni Toshkent xalqaro aeroportida Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

 Jeenbekovning rasmiy tashrifi doirasidagi asosiy tadbirlar Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtdi. Rasmiy kutib olish marosimidan soʻng davlat rahbarlari tor doirada muzokara boshladilar.

 Shavkat Mirziyoyev Sooronboy Jeenbekovni Qirgʻiziston respublikasi prezidenti etib saylangani bilan yana bir bor qutlab, bugungi muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.

 “Qirgʻiziston prezidenti sifatida ilk xorijiy tashriflaringizdan birini Oʻzbekiston zaminidan boshlaganingizni yuqori baholaymiz. Bu mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga sadoqatingiz ifodasi deb qabul qilamiz”,- dedi Mirziyoyev.

  Sooronboy Jeenbekov Shavkat Mirziyoyevga Oʻzbekistonga taklif etgani uchun minnatdorlik bildirib, Qirgʻiziston xalqi nomidan chuqur hurmat va ehtirom izhor etdi.

 “Siz mamlakatlarimiz oʻrtasidagi davlat chegarasini chinakam doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik va sheriklik chegarasiga aylantirdingiz”, – dedi Jeenbekov.

 Prezidentlar ushbu tashrif savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyalari va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, davlat chegaralarini delimitatsiya qilish borasidagi ishlarni yakuniga yetkazish, yangi oʻtkazish punktlari ochish va ularning samarali faoliyat yuritishini taʼminlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat ekanini taʼkidladilar.

 Davlat rahbarlari Oʻzbekiston respublikasi bilan Qirgʻiziston respublikasi strategik sheriklik munosabatlari, doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik va ishonchni mustahkamlash borasida oʻz azmu qarori taʼkidladilar.

 Muloqotda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

 Prezidentlar xalqaro maydonda ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish va mustahkamlash borasida ulkan salohiyat mavjudligi, Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning BMT, MDH, ShHT, IHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga intilishi mushtarakligini qayd etdilar.

Turkiston:

Qirgʻiziston prezidentining Oʻzbekistonga bu tashrifi kutilmaganda va tez uyushtirildi. Bunga Nursulton Nazarbayev bilan Sooranbay Jiyanbekovning Minskdagi oʻzaro uchrashuvlari va bir qator kelishuvlari sabab boʻldi. Bu uchrashuv ortidan Qirgʻiz-Qozoq chegaralari ochildi va Qozogʻiston tomonidan ilgari surilgan yoʻl xaritasi amalga oshirilishiga rozilik bildirildi. Yana shu uchrashuv chogʻida, Jiyanbekov keyingi tashrifini Qozogʻistonga uyushtirishiga dalolat qiluvchi soʻzlarni aytdi.

Sobiq prezident Almazbek Atambayev atayin Jiyanbekovni Oʻzbekiston tomonga burib yubordi. Shuning bilan u prezidentga boʻlgan oʻzining kuchli taʼsirini namoyon qilmoqchi boʻldi. Shuningdek Qirgʻiz prezidenti orqali Qirgʻizistonga taʼsir koʻrsatmoqchi boʻlayotgan Nazarbayevga toʻsiq qoʻydi. Uning bu siyosiy taʼsiri ortidan Qirgʻiz xalqini yana qanday holatlar kutishi mumkin ekanini avvaldan aytish qiyin. Lekin Nazarbayev bu ishga qarshi chora koʻrmay kolmasa kerak…

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.