AQSh mutaxassislari: Afgʻonistonda oʻz qabrimizni kavlayapmiz

777
0

AQSh mutaxassislari: Afgʻonistonda oʻz qabrimizni kavlayapmiz

AQSh Prezidenti Donald Tramp dushanba kuni kechqurun AQShning Afgʻonistonga doir yangi strategiyasini eʼlon qilib, Afgʻonistonga koʻproq askar yuborish va “gʻalaba qozonish uchun jang qilish”ga vaʼda berdi. Prezident Trampning yangi Afgʻoniston strategiyasi AQSh tarixida eng uzoq davom etgan Afgʻon urushini nomaʼlumlik girdobiga tortish bilan izohlanmoqda.

“Tezkor chekinishning natijalari bir tarafdan ijobiy boʻlsa, boshqa bir tarafdan uni qabul qilib boʻlmaydi. Shoshma-shosharlik bilan chekinish boʻshliq yaratadi. Natijada bu boʻshliq IShID va Al-Qoida terrorchilari bilan toʻldiriladi”, “Biz yana bir xalq pado qilayotganimiz yoʻq, terroristlarni oʻldiryapmiz”, dedi Tramp Vashington tashqarisidagi bir harbiy bazada soʻzlagan nutqida.

Prezident Tramp Saylov kampaniyasida AQSh kuchlarining Afgʻonistondan asta-sekin chiqib chiqilishini vaʼda qilgan edi.

Trampning yangi qarori Amerikalik harbiy maslahatchilar tomonidan salbiy baholanganligi kuzatilmoqda. Nyu-York Tayms va CNN axborot agentligiga intervyu bergan milliy xavfsizlik masalalari boʻyicha ekspert Metyu Rosenberg “biz gʻalaba uchun kurashamiz – degani nimani anglatadi? Amerikalik 100 ming askar Tolibonni yoʻq qila olmadiku”, deya Trampning yangi strategiyasiga eʼtiroz bildirdi.

Deputat Valter Jons ham Trampning yangi strategiyasiga baho berar ekan, “Tarix shuni koʻrsatadiki, Afgʻoniston imperatorliklarning qabri boʻlgan. Amerika ham 16 yil davomida u yerda oʻz qabrini kavlamoqda”, deya ilova qildi.

Tolibon harakati Donald Trampning “yangi strategiyasi” haqida rasmiy bayonot chiqarib, shunday dedi: “Afgʻonistonni Amerika ishgʻolidan xalos qilish bizning diniy va milliy burchimizdir. Tanamizda jon bor ekan, biz bu vazifaga sodiq qolamiz Amerika urushni davom ettirish oʻrniga, Afgʻonistondan oʻz qoʻshinlarini olib chiqish haqida oʻylasa oʻzi uchun yaxshi boʻlar edi. Agar Amerika oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketmasa, Afgʻoniston Amerika imperiyasining qabri boʻlib qoladi va Amerika rahbarlari buni tasavvur qilishi uzoqqa choʻzilmaydi”.

Turkiston:

16 yildan buyon davom etib kelayotgan va minglab Amerika askarlarining oʻlimi, oʻn minglaganining mayib-majruh boʻlib qolishiga sabab boʻlgan Afgʻoniston jangi AQSh tarixidagi eng uzoq davom etgan urush hisoblanadi. Darhaqiqat Iroqdan holdan toyib chiqqan AQShni bir tarafdan Arab bahori, xususan Suriya masalasi tentiratib qoʻygan boʻlsa, ikkinchi tarafdan Xitoyning iqtisodiy yuksalishi unga “bosh ogʻriq” boʻlmoqda. Mana shular sababli AQSh uchun Afgʻonistonning ahamiyati biroz kamaygan edi.

Biroq Amerika bugungi kunga kelib Afgʻoniston strategiyasini jiddiy tarzda qayta koʻrib chiqishga majbur boʻlmoqda. Chunki Afgʻonistonda 16 yil jang olib borgan Amerika va NATO qoʻshinlari dunyoning eng yuksak texnologiyalariga ega boʻlishiga qaramay, muvaffaqiyatsizlikka yuz tutdi. Shuningdek Tolibon bilan oʻtkazmoqchi boʻlgan tinchlik muzokaralari ham foyda bermadi. Shuning uchun aytish mumkinki, 16 yildan keyingi Afgʻonistondagi vaziyat AQSh uchun juda dahshatlidir. Hatto Amerika askarlariga qarshi uyushtirilayotgan koʻpgina hujumlar AQShning oʻzi tarbiyalagan Afgʻoniston armiyasi safidagi askarlar tarafidan sodir etilmoqda.

 “Carnegie Foundation” fondi tarafidan tayyorlangan hisobotda keltirilishicha, Afgʻon urushi AQSh uchun yillik qiymati 23 milliard dollarga tushmoqda. Bu esa AQSh maʼmuriyati Afgʻon jangi uchun har bir soatda 2.5 million dollardan ortiq mablagʻ sarflayotganligini anglatadi. Shuningdek, hisobotda moliyaviy sarf xarajatdan tashqari u yerda AQShning variantlari tugaganligi ham taʼkidlanadi.

Koʻrinib turibdiki, Amerika Afgʻonistonda chuqur inqiroz va chorasizlikni boshidan kechirmoqda. Shu bois u Afgʻon urushining haroratini kamaytirishga majbur. Buning uchun AQSh qoʻmondonlari Afgʻonistonga qoʻshimcha askar yuborishni talab qilishmoqda. AQShning bu harakati muammoni hal qilmasa-da, uning bundan boshqa chorasi qolmadi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.