Yordam oʻrniga qamoq

Yordam oʻrniga qamoq

16 yanvar kuni sodir boʻlgan aviahalokat Dacha-Su qishlogʻidan 35 kishining hayotdan koʻz yumishiga, 20 ziyod uy-joyni vayron boʻlishiga olib kelgan edi. Halokat sodir boʻlishi ortidan Qirgʻiziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi maxsus hisob ochdi. Birovning dardiga befarq boʻlmagan Qirgʻiziston fuqarolarining himmati bilan qisqa vaqt ichida maxsus hisobga 100 million somdan ziyod mablagʻ kelib tushdi. Bundan tashqari, oddiy fuqarolar musibat yetgan Dacha-Su qishloq ahliga oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zaruriy narsalar bilan yordam koʻrsatishdi.

Afsuski, oddiy odamlar tushunib yetgan qishloq ahlining musibati rasmiy hukumat qulogʻiga yetib bormayapti. Aviahalokatdan soʻng bu yerda yashashdan qoʻrqib qolgan qishloq aholisi oʻzlari koʻchib oʻtishlari uchun boshqa yer ajratish va maxsus hisobga kelib tushgan mablagʻni boʻlishtirib berish talabi bilan bir necha bor tinch namoyish oʻtkazishdi. Rasmiy hukumat ularning dardiga quloq solish oʻrniga, qishloq aholisini qoʻrqitish orqali oʻz haq-huquqlarini talab qilmaslikka majbur qilmoqchi boʻlyapti.

“Zanoza” saytining Dacha-Su qishloq aholisi xabariga tayangan holda xabar qilishicha, bundan uch kun oldin notanish mashinalarda kelgan odamlar tinch namoyish oʻtkazish tashkilotchisi boʻlgan ikki kishini ushlab olib ketishgan. Bu ikki kishi oʻtkazilgan namoyishda soʻzga chiqqan va qishloqning boshqa olamlariga ham oʻz haq-huquqlarini himoya qilishda yordam berib kelishgan. 17-aprel kuni esa yana bir kishi – maktab avtobusi xaydovchisini olib ketishgan.

18-aprel erta tongda ikkita mashinada kelgan notanish odamlar yana ikkita faolni olib ketmoqchi boʻlishgan. Biroq qishloq aholisi ularni himoya qilib, olib ketishlariga yoʻl berishmagan. Bundan tashqari jurnalistlarni ham chaqirishgan. Jurnalistlarni koʻrgan notanish odamlar shoshilinch mashinaga oʻtirib joʻnab ketishgan.

“Mashinalarning davlat raqami yoʻq edi. Qora “Leksus”ni bizning koʻchalarda birinchi kun yurishi emas. Hibsga olish sabablarini ham, qayoqqa olib ketishayotganini aytishgani yoʻq”,- dedi voqea guvohi Adil Kadirbekov.

Qishloq aholisining soʻzlariga koʻra, davlat raqami boʻlmagan qimmat mashina haydovchilari uylarga kirib, odamlarni qoʻrqitish orqali namoyishga chiqmaslikni talab qilishmoqda.

“Ular erimga odamlarni tinchlantirishni aytishdi. Toki ular hech narsa talab qilishmasin”, – dedi hibsga olingan qishloq raisining xotini Ajar.

Do'stlaringizga yuboring

SHARH QOLDIRISH

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.