Erdogan Putindan uzr so‘radi

431
0

 Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogan Rossiya samolyoti Su-24 urib tushirilgani uchun uzr so‘rab Rossiya prezidenti Vladimir Putinga maktub yozgan. Bu haqda prezidentning matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov ma‘lum qildi.

 “Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinga Turkiya prezidenti Erdogandan kelgan murojaatda Turkiya yetakchisi Rossiya harbiy samolyoti halokati bilan bog‘liq vaziyatni iziga tushirishga qiziqish bildirdi”,- dedi Peskov.

 Qayd etilishicha, Turkiya prezidenti o‘z maktubida Su-24 uchuvchisining o‘limi uchun hamdardlik bildirgan.

 Peskovning ta‘kidlashicha, Erdogan maktubda “uzr” so‘zini ishlatgan.

 “Men qurbon bo‘lgan rossiyalik uchuvchi oilasiga yana bir bor o‘zimning hamdardligimni izhor qilib, chuqur ta‘ziya bildiraman va kechirim so‘rayman. Butun yuragim bilan ularning dardiga sherikman. Rossiyalik uchuvchi oilasini turk oilasi sifatida qabul qilamiz. Yetkizilgan qayg‘u va zararni qoplash uchun biz har qanday tashabbusga tayyormiz”,- deyiladi Erdogan yo‘llagan xatda.

 Rossiya rahbariga yo‘llangan maktubda Turkiya rahbari Anqaraning Rossiya bilan munosabatlarni barbod qilishni istamasligi haqida ham yozilgan.

 O‘z xatida Erdogan “Rossiya va Turkiya uchun odatiy bo‘lgan do‘stona munosabatlarni tiklash uchun zarur bo‘lgan barcha ishni qilishga, shu bilan birga hududdagi mojarolarni bartaraf etish uchun birgalikda harakat qilishga hamda terrorchilikka qarshi hamkorlikka tayyor ekanini” ta‘kidlagan.

Shuningdek, murojaatda Erdogan rossiyalik harbiyning halokatiga aloqador Turkiya fuqarosiga nisbatan tergov ishlari davom etayotganini uqtirgani aytilgan.

 Bundan oldinroq, Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim “Rossiya bilan munosabatlar iliqlashishi” jarayoni ketayotganini aytib o‘tgan edi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.