O’zbekiston Ispaniyadan S295W harbiy samolyotlarini sotib oladi

896
0

Ispaniyaning Sevilya shahrida joylashgan Airbus Defence and Space (ADS) korxonasida spotterlar tomonidan O’zbekiston harbiy havo kuchlari belgilariga ega Airbus C295W harbiy-transport samolyotlari qayd qilindi.

Samolyotning bort raqami “01 oq”, seriya raqami – 137.

S295W S295M harbiy-transport samolyotining oxirgi modifikatsiyasi hisoblanadi. U 2013 yili birinchi marta taqdim etilgan.

O’zbekiston bu borada shartnoma imzolagani haqidagi axborot matbuotda e’lon qilinmagan edi. Yil boshida ADS 8ta samolyotga buyurtma olganini ma’lum qilgan edi. Oradan biroz vaqt o’tib, bu samolyotlarning 4tasi Saudiya Arabistoni ichki ishlar vazirligi tomonidan buyurtma qilingani aniqlandi. 17 iyun kuni internetga chiqqan rasmlar asosida qolgan samolyotlarning buyurtmachisi O’zbekiston ekanligi aytilmoqda.

Shu tariqa, O’zbekiston MDH hududida bunday rusumdagi samolyotni sotib olgan ikkinchi davlat (Qozog’istondan keyin) bo’ladi.

Turkiston:

O’zbekiston hukumati mintaqada etakchi harbiy quvvatni qo’ldan bermaslik maqsadida ulkan mablag’larni sarf qilib kelmoqda. O’tgan yili O’zbekiston Xitoydan o’rta masofaga mo’ljallangan HQ-9 zenit-raketa kompleksini xarid qilgan bo’lsa, undan avvalroq Xitoyning Chengdu Aircraft Industry Corporation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan uchuvchisiz harakatlanadigan Pterodactyl (Yilong-1) hujum qiluvchi komplektini xarid qilgani haqida xabarlar tarqagan edi.

Bundan tashqari O’zbekiston hukumati Afg’onistonda o’z qo’shinlarini olib chiqayotgan AQSh, Britaniya va Germaniyaga murojaat qilib, zirhli mashinalar, mina detektorlari, vertolyotlar, navigatsiya qurilmalari va tunda ko’rish uskunalarini qoldirishni taklif qilgan, o’z navbatida Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Filipp Hammond qo’shinlarini Afg’onistondan xavfsiz olib chiqib ketilishi evaziga Buyuk Britaniya O’zbekistonga qurol va harbiy texnika sotishga qaror qilganini xabar qilgan edi.

Shu biln birga O’zbekiston AQShdan harbiy yordam sifatida minaga qarshi V shakldagi bronetransporterlar, 14-18 tonnagacha bo’lgan Mine-Resistant Ambush Protected vehicles (MRAPs) nomli mashinalardan 308 tasini olgan. Yana 20 ta zirhli ta’mirlash evakuatsiya qiluvchi mashinalar ham olishi va bu ishlar yaqin vaqtlarda nihoyasiga etkazilishi xabar qilingan edi.

Global Firepower tashkiloti e’lon qilgan reytingda O’zbekiston harbiy salohiyati bo’yicha 126 mamlakat orasidan 54-o’rinni egallab mintaqadagi o’z etakchiligini egallab turganligi xabar qilingan edi. Tadqiqotchilar ushbu reytingni tuzish uchun 50ta omilni tahlildan o’tkazib, shu asosda har bir davlatning harbiy salohiyatini aniqlashga harakat qilgan. Harbiy xizmatga layoqatli aholi soni, harbiy texnika miqdori, geografik joylashuv, iqtisodiy imkoniyatlar shular jumlasidandir.

Reytingda O’zbekiston 54-o’rinni egalladi. Bu mintaqa davlatlari orasida birinchi ko’rsatkichdir. Qozog’iston 66, Qirg’iziston 78, Tojikiston 81, Turkmaniston 90, Afg’oniston 102-o’rinni egalladi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.