Qirg’iziston Qozog’istondan gaz sotib olishga tayyor

410
0

20140530_Kirgizgaz “Qirg’izgazProm” kompaniyasining O’sh filiali rahbari Mamatholiq Amatovning “Interfaks” axborot xizmatiga xabar qilishicha, “Agar “O’ztransgaz” kompaniyasi bilan O’sh shahriga uzluksiz gaz etkazib berish bo’yicha olib borilayotgan muzokaralar muvaffaqiyatli yakun topmasa, u holda bu masala Qozog’iston bilan muxokama qilinadi”.

 Amatovning ma’lum qilishicha, endilikda O’zbekiston bilan muzokaralarni “Gazprom” olib bormoqda, ammo hozircha bu ham kutilgan natijani bermayapti.

 “O’zbekistondan Qirg’iziston janubiga etkazib beriladigan tabiiy gazni narxi 290 dollarni tashkil etadi, mamlakat shimoliga bo’lsa Qozog’istondan gazning har ming metr kubi 240 dollardan sotib olinadi”, – dedi Amatov.

 O’z navbatida O’sh shahar hokimiyati gaz muammosini xal etilishini sabrsizlik bilan kutishayotganini bildirdi. Hokimiyatni xabar qilishicha, gaz etkazib berishni to’xtatilishi elektr tarmoqlaridagi kuchlanishni keskin oshirib yuborgani va buning oqibatida tez-tez avariya holatlari sodir bo’lib, yarim millionlik O’sh xalqi soatlab va hatto kunlab elektrsiz qolayotganini, bu esa aholi orasida noroziliklarga sabab bo’lmoqda.

 Turkiston:

 O’zbekiston hukumati ko’p yillardan buyon gaz ta’minoti masalasidan Qirg’izistonga bosim o’tkazish quroli sifatida faydalanib keladi. 2014 yil 10 aprel kuni imzolangan “Qirg’izgaz” kompaniyasini Rossiyaning “Gazprom”iga sotish to’g’risidagi kelishuvni bahona qilib, O’zbekiston Qirg’izistonga navbatdagi bosimni boshladi. Shartnoma muddati tugaganligi va kelishuvda “agar “Qirg’izgaz”ni egasi o’zgaradigan bo’lsa, O’zbekiston tomoni gaz berishni to’xtatishi” to’g’risidagi hujjatni ro’kach qilib 14 aprel kuni O’zbekiston O’sh shahriga gaz etkazib berishni to’xtatdi. Shundan buyon O’sh xalqi gazsiz o’tiripti.

 O’z navbatida Qirg’iziston hukumati rasmiylari bunga javoban O’zbekistonga suv etkazib berishni to’xtatishga chaqirmoqda. Parlamentining yonilg’i – energetika kompleksi va tabiiy boyliklardan foydalanish bo’yicha qo’mitasi 21 may kuni Qirg’iziston hukumatiga O’zbekistonga suv berishni to’xtatishni tavsiya qildi. Qo’mita raisi Ko’jubek Rispaev buni deyarli bir yarim oydan beri O’shga gaz berishni qayta tiklash urinishlari samarasiz yakunlanayotgani bilan izohladi.

 “Hukumatga tavsiyani berdik. Hozir bu borada tegishli idoralar ish olib borayapti. Hozir qanday qaror qabul qilsak to’g’riroq bo’ladi, degan masala ko’ndalang turibdi. Chunki O’zbekistonni suv bilan ta’minlash borasida davlatlararo shartnomalar bor. “Qirg’iziston bu shartnomadan bir tomonlama ravishda chiqishi kerakmi yoki yo’qmi?” degan savol ustida ishlayapmiz”, – dedi Ko’jubek Rispaev.

 Qirg’iziston Bosh vazirining sobiq o’rinbosari Bazarbay Mambetov, “Hech qanday iloji qolmaganidan so’ng, biz eng oxirgi vositani qo’llashimiz kerak. Hozir Norin basseynida suv oz. Shuning uchun “suv o’zimizga ham etishmayapti”, degan bahona bilan berilayotgan suv miqdorini ozaytirsak bo’laveradi. 2000 yilda ham O’zbekiston gaz berishni bir yarim oyga to’xtatib qo’yganida, Qirg’iziston Uchqo’rg’on suv omboridan Namangan kanaliga beriladigan suvni bir haftaga to’xtatib qo’ygan edi. O’shanda oradan ikki kun o’tmay, O’zbekiston delegatsiyasi Bishkekka kelgan va gaz ta’minoti tiklangan edi. Bishkek O’zbekistonga ta’sir ko’rsatish maqsadida o’z zimmasiga olgan majburiyatdan vaqtinchalik voz kechishi kerak”, – dedi. Agar Qirg’iziston Qozog’iston bilan gaz etkazib berish to’g’risidagi kelishuvga erishadigan bo’lsa, O’zbekistonga ayni yozning saratonida suv etkazib berishni to’xtatishi, bu esa asosan qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan O’zbekiston uchun qattiq zarba bo’lshi mumkin. Sirtdan olib qaraganda ikki qo’shni davlatlar bir-birlari bilan kelisha olmayotgandek ko’rinsada, bu raqobat ortida AQSh va Rossiya davlatlari turipti. Butun dardu tashvishi o’zi egallab turgan hokimiyatni saqlab qolishdan iborat bo’lgan hokimlarni esa oddiy xalq bilan hech qanday ishlari yo’q.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.