Navbatdagi o’yin

406
0

2013 yilning oktyabr oyi oxirlaridan boshlab deyarli barcha xorijiy axborot vositalarida shov-shuvga sabab bo’lgan Gulnora Karimovaning MXX raisi Rustam Inoyatov bilan go’yoki “xokimiyat uchun” olib borgan kurashi sekin-asta pasayib, o’zining dolzarbligini yo’qota boshlagan edi.

Biroq, orada bo’lgan “qisqa tanaffus”dan so’ng, 17 fevral kuni O’zbekiston Bosh prokuraturasi saytida, Gulnoraning eng yaqin sheriklari Rustam Madumarov, Gayane Avakyan va Yekaterina Klyuevalarga nisbatan jinoyat ishi ochilgani haqida xabar paydo bo’ldi.

Bu xabarga, 19 fevral kuni tergov idoralariga majburiy ravishda olib kelingani aytilgan 10 nafar shaxsning O’zbekiston qonunlarida ko’zda tutilgan eng og’ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanaëtgani haqida, prokuraturaning navbatdagi baënoti qo’shildi.

Bularga qo’shimcha¸ Twitterda Gulnora Karimovaga qarashli ekani taxmin qilinaëtgan Yakkasaroy tumani¸ Mirobod ko’chasi¸ 9a uyning 7-qavatida joylashgan 11-xonadoniga maxsus guruh balkondan tushib¸ reyd o’tkazgani va Karimovaning reyd paytida ayni shu manzilda bo’lgani haqida xabar paydo bo’ldi.

O’zbekistonda sodir bo’layotgan bunday xodisalar nimadan dalolat bermoqda? Rostdan ham Karimovning yoshi o’tib hukumatni boshqarishga ojizlik qilib qolgach, hokimiyat uchun kurash avj olib bormoqdami? Yoki bularning barchasi xalqni aldash uchun o’ynalayotgan navbatdagi “spektakl”lardan birimi?

Barchaga ma’lumki, prezident Karimov uzoq yillar davomida o’zining arzanda qizlari Gulnora va Lola Karimovalarga O’zbekistonda ko’ngillariga kelgan ishni amalga oshirishlariga keng imkoniyat berib keldi.

Karimovning o’z qizlariga yaratib bergan bunday imkoniyatlaridan “unumli” foydalangan arzanda qizlari O’zbekiston boyliklari va zaxmatkash o’zbek xalqi peshona teri evaziga bunyodga kelgan boyliklarni talon-taroj qilish, xorijdan qimmatbaxo qasrlarni sotib olish va “taniqli” odamlar bilan ziyofatlar uyushtirishda kimo’zarga poygaga kirishib ketishdi.

Bu ishlarda ayniqsa Gulnora Karimova o’z bosar-tusarini bilmay qolib, avvaliga mahalliy tadbirkor va ishbilarmonlarning shaxsiy bizneslariga ko’z olaytirdi. Gulnora O’zbekistonda o’zi egallamoqchi bo’lgan har qanday soha yoki biznes loyihalarni hech qanday qiyinchilik va to’siqlarsiz o’z foydasiga musodara etib, ega bo’lib oldi.

Gulnora Karimova o’zi “erishayotgan” muvaffaqiyatlaridan “ilhomlanib” keyinchalik faqatgina mahalliy boylar yoki ishbilarmonlarni sindirish bilangina kifoyalanib qolmay xorijiy kompaniyalarning O’zbekistonda yuritayotgan ishlariga ham ega chiqishga intildi. Ulardan so’nggisi aynan Gulnoraga aloqador bo’lgan “TeliaSonera” shirkati bilan bog’liq majarolar va Rossiyaning MTS kompaniyasiga qarashli “O’zdunrobita”ni O’zbekistondan chiqarib yuborilishi bo’ldi.

Bundan tashqari Karimovning arzanda qizi va yaqin qarindoshlari tomonidan xorijiy sarmoyadorlarga qarshi ko’ngliga kelgan ishni qilishi, ularning yotqizgan sarmoyalariga, imzolangan bitimlarga qaramay xohlagan kompaniyani O’zbekistondan xaydab chiqarishi va ular yo’lga qo’ygan sohani boshqa bir kompaniyalarga sotishi natijasida O’zbekistonga xorijdan sarmoya kiritishni xohlovchilar soni keskin kamayib ketdi.

Shuning uchun ham Karimov xorijiy ishbilarmonlar oldida ishonchni qayta paydo qilish uchun shu vaqtga qadar O’zbekistonda erkin harakat qilgan, xohlagan odami yoki kompaniyalarni “sindirgan” Gulnorani faoliyatiga bir oz bo’lsa ham cheklov kiritishga qaror qildi. Toki xorijiy kompaniyalar yana hech narsadan va hech kimdan qo’rqmay O’zbekistonga hech bir ikkilanishsiz sarmoya yotqizsinlar.

Gulnora Karimova bilan bog’liq sodir bo’layotgan barcha ishlar shaxsan prezident tomonidan va uning ruxsati ostida amalga oshirilmoqda. Bu orqali Karimov “bir o’q bilan ikki quyonni ovlashga” intilmoqda.

Birinchidan: sodda o’zbek xalqi oldida o’zini “elim deb, yurtim deb yonib yashaydigan” rahbar va O’zbekistonda “qonun ustivorligini” ta’minlash yo’lida hatto o’z qizi va qarindosh-urug’larini ham “ayamaydigan” fidoiy, qattiqo’l rahbar timsolida namoyon etish.

Ikkinchidan: Gulnora Karimova O’zbekistondan turli xil yo’llar bilan olib chiqib ketgan va ayni vaqtda Shveytsariya¸ Shvetsiya va Frantsiyada borayotgan jinoiy ishlar sababli Shveytsariya banklarida ochilgan o’nlab¸ balki yuzlab shaxsiy hisoblarga qo’yilgan O’zbekistondan o’g’irlangan qariyb 700 million AQSh dollari miqdoridagi muzlatilgan pulni O’zbekistonga, aniqrog’i yana o’z qiziga qaytarish uchun o’ynalayotgan bir sahna ko’rinishi xolos.

Jinoiy ishlar “guldastasi”ni tuzishga ustasi farang bo’lib ketgan O’zbekiston milliy xavfsizlik xizmati Rustam Madumarov, Gayane Avakyan va Yekaterina Klyuevalarga nisbatan O’zbekiston jinoyat kodeksining turli moddalari bilan jinoyat ishi ochib rasmiy ravishda Shveytsariya hukumatidan ular tomonidan “o’g’irlab chiqib ketilgan” “O’zbekiston pullarini” qaytarib berishlikni talab qiladi.

Agar Karimov boshchiligidagi rasmiy hukumat kerakli bo’lgan hujjatlarni rasmiylashtirib, uzoqqa cho’ziladigan sud jarayoni va rasmiyatchiliklardan muvaffaqiyatli o’tadigan bo’lsa, Gulnora Karimovaning millionlab, balki milliardlab o’zlashtirib olgan boyliklari O’zbekistonga qaytariladi va boshqa offshor banklar orqali, boshqalar nomi ostida yana boshqa birorta chet eldagi banklarga joylashtiriladi.

Karimov hokimiyatga kelganidan buyon o’zi sodir etgan barcha jinoyatlarida boshqa birovlarni “qurbon qilishi” O’zbekistonda odatiy ishga aylanib qolgan. Bu safar ham Karimov o’zining an’anasiga sodiq qolgan holda uchinchi bir tarafni “baxridan” o’tadi. Natijada o’zi ham, qizlari ham, boshqa qarindosh-urug’lari ham “suvdan quruq chiqishadi”.

Abdurahmon Odilov

2014 yil 21 fevral

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.