Atambaev ham qo’shnilari izidan bormoqda

398
0

images (3)

Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambaev hukumat tepasiga kelganidan so’ng o’z hokimiyatini mustahkamlash yo’lida avvalo dunyoviy muxolifatni zaiflashtirish va siyosiy sahnadan uzoqlashtirish uchun bosqichma-bosqich harakatini boshlab yubordi. Bu maqsadda Atambaev avvalo o’ziga asosiy raqib bo’lgan Qirg’iziston parlamentining deputati “Ata-Jurt” partiyasining etakchisi Qamchibek Tashievni siyosiy xatoga yo’l qo’yishiga muvaffaq bo’ldi.

загруженное (5)2012- yilning 3-oktyabr kuni “Qumtor” oltin konini milliylashtirish masalasi bo’yicha o’tkazilgan norozilik namoyishida deputat Qamchibek Tashiev hukumatni bosib olish chaqiriqlarini aytib, namoyishga kelganlar guruhi bilan parlament va prezident ma’muriyati binosi panjaralaridan oshib tushishga harakat qilgan edi. Mazkur namoyish ortidan qo’lga olingan muxolifatdagi parlament deputatlari QR jinoyat kodeksining 295-modda (Hukumatni zo’ravonlik bilan egallash) bo’yicha aybdor deb topilishi natijada Oliy sud hukmi bilan Qamchibek Tashiev va Sadir Japarov 1 yil 5 oyga, Talant Mamitov 1 yilga ozodlikdan mahrum etilib, deputatlik mandatlari bekor qilingan edi.

Shundan so’ng “Ata jurt” partiyasining etakchilaridan yana biri Axmatbek Keldibekov ustidan jinoiy ish qo’zg’atilib, davlat vakolatini suiiste’mol qilganlik va moliyaviy qalloblik ayblovlari bilan 2013- yilning 20- noyabr kuni hibsga olindi. 2010-2011 yillarda parlamentga raislik qilib kelgan Keldibekov undan avval Qirg’iziston Davlat ijtimoiy ta’minot jamg’armasi va Soliq xizmatiga rahbarlik qilgan. Bungacha Keldibekov mansub bo’lgan muxolifatdagi “Ata Jurt” partiyasidan parlament deputati Nariman Tuleev korruptsiyada ayblanib qo’lga olingan. Parlamentdagi hukumron ko’pchilik vakili bo’lgan Qirg’iziston ijtimoiy himoya vaziri Ravshan Sobirov ham 20 ming dollar pora talab qilganlikda ayblanib, 5 yilga qamalgan edi.

images (6)Yetakchi muxolifatdan “qo’li bo’shagan” Atambaev e’tiborini rasmiy hukumatni ashaddiy tanqidchilaridan biri bo’lgan O’sh shahar meri Melis Mirzakmatovga qaratdi. 2013- yilning 5- dekabrida Melis Mirzakmatov Qirg’iziston Bosh vaziri buyrug’i bilan ishdan olindi. 2014- yilnig 15- yanvar kuni bo’lib o’tgan saylovlarda esa shahar kengashi a’zolari 25 ga 19 ta qarshi ovoz bilan prezident tarafdori bo’lgan Aytmamat Kadirbaevni O’sh meri etib sayladi. Shunday qilib Atambaev uch yildan oshiq vaqtdan buyon ishdan ololmayotgan yana bir muxolifatchini siyosiy sahnadan uzoqlashtirishga erishdi.

загруженное (6)Prezident bo’lgunga qadar Hayit namozlarida jamoatning birinchi safini bo’shatmay kelgan, prezident bo’lganidan keyin ham to o’z hokimiyatini mustahkamlab olgunga qadar “o’zi ham namoz o’qishini” aytib kelgan Almazbek Atambaev muxolifat masalasi qisman hal etib olgach, endi o’z e’tiborini Islom va musulmonlarga qarshi kurashga qaratmoqda.

3- fevral kuni Ala-Archa davlat qarorgohida Qirg’iziston respublikasi Xavfsizlik kengashining yig’ilishi bo’lib o’tdi. Bu yig’ilishda Qirg’izistondagi diniy vaziyat qoniqarli ahvolda emasligi va “mustaqillik boshlarida din ishlariga aralashmaslik siyosati xato bo’lganligi” ta’kidlab o’tildi. Yig’ilishda so’zga chiqqan prezident Atambaev, “Chala mulla din buzar deganlaridek, ayrim musulmonsifatlar Islom dini bilan Arab, Bangladesh, Pokiston madaniyatini chatishtirib, xalqimiz madaniyatini buzayapti. Qadimiy qirg’iz xalqiga yot madaniyat, urf-odatlarni taklif qilayapti. Ko’chalarimizda soqollarini osiltirib, shalvor kiyganlar ko’payib ketdi”, – deb o’zining Islom diniga bo’lgan qarashini bayon qildi.

“Ayrim musulmon davlatlarida siyosatchilar dindan o’z manfaatlari yo’lida foydalanib, dinni qurol qilib olgan. Dinchilar siyosatga aralashganida davlat nima bo’lishini Afg’oniston, Iroq, Misr, Suriya misolida ko’rsak bo’ladi. Qirg’izistonda ham ayrim siyosatchilar ayrim din ulamolari bilan birga dinni siyosatga aralashtirmoqchi bo’lishayapti. Bu salbiy ko’rinish. Bunday siyosiy o’yinlarga chek qo’yishimiz kerak”, – deya mudofaa kengashiga asosiy e’tiborni qayoqqa va kimga qaratish lozimligini belgilab berdi o’z nutqi davomida prezident Atambaev.

Bu yig’ilishning natijasi o’laroq, davlatni din bilan ishlashdagi yangi reformasini ishlab chiqish uchun ishchi guruhi tayinlandi. Bu guruhga 2014 yilning 1 apreliga qadar 2020 yilgacha mo’ljallangan diniy kontseptsiya ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Mudofaa kengashining yig’ilishidan so’ng prezident Atambaev 3- fevral kuni “Qirg’iziston respublikasi qurolli kuchlari va mudofaasi to’g’risi”dagi qonunga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish” to’g’risidagi qonunga qo’l qo’ydi. Mazkur qonunga muvofiq Qirg’iziston qurolli kuchlarining bosh shtabi qurolli kuchlar va boshqa harbiy bo’linmalarning markaziy harbiy boshqarmasi bo’lgan oliy bosh (Generalniy) shtabiga aylantirildi. Bu shtab rahbarligiga uzoq vaqt Rossiya harbiy bo’linmalarida turli xil lavozimlarda xizmat qilgan general-mayor Asanbek Alimkojoev tayinlandi. Prezident Atambaev yangi rahbarga Mudofaa vaziri, Davlat chegara xizmati raisi, Milliy gvardiya qo’mondoni va ularning muovinlari lavozimiga tayinlash uchun nomzodlar ro’yxatini tuzish vazifasini topshirdi.

8- fevral kuni Mudofaa kengashi diniy soha bo’yicha davlat siyosati to’g’risidagi qarorni ommaga ma’lum qildi. Mudofaa kengashining bu qarorida Qirg’iziston diniy ishlar boshqarmasiga, “masjid imomlari, imom xatiblar, qozilar, Ulamolar kengashi a’zolari va muftiyni faqatgina Qirg’izistondagi musulmonlar uchun an’anaviy bo’lgan hanafiylik mazhabiga ergashuvchilardan tayinlashni hamda Qirg’iziston xalqi uchun yot bo’lgan axloq, kiyim va tashqi ko’rinish andozalarini kirib kelishiga qarshi turish”ni tavsiya qildi va bu orqali hozirgi kunda Qirg’iziston musulmonlari orasida urf bo’lgan saqolga va muslima ayollarni hijobiga qarshi kurashish uchun zamin hozirlab oldi.

Shuningdek mazkur qarorda “muftiy va ulamolarni saylash tizimini tartiblashtirish, davlat idoralari vakillari ishtirokida masjid imomlarini attestatsiyadan o’tkazish, diniy arboblar uchun malakaviy imtixonlarni boshqa shakllarini ishlab chiqish, uning natijalari bo’yicha moddiy rag’batlantirish tizimini barpo etish hamda masjid imomlari, imom xatiblarni huquqni saqlash organlari tomonidan ekstremistik va buzg’unchi tashkilotlarga aloqadorligi to’g’risidagi tegishli tekshiruvlardan o’tganidan so’ng tayinlash” vazifasi Muftiyotga topshirildi.

Mudofaa kengashi 2009 yilgacha amalda bo’lgan Qirg’iziston muftiyotining nizomida bo’lgan qoidani qayta tiklashga chaqirdi. Mazkur qoidada ekstremistik qarashga ega bo’lgan shaxslarni tuman imom hatibligi yoki masjid imomligiga kelib qolishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida, diniy tashkilot rahbarlarini tayinlashda mahalliy hukumat idoralari bilan kelishishni ko’zda tutilgan edi.

Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambaev ham qo’shni respublikalar prezidentlari Islom Karimov va Imomali Rahmon singari Islomning jamiyatdan uzoqlashtirish va islomiy ko’rinishlarni yo’q qilish uchun asta-sekinlik bilan o’z kurashini kuchaytirib bormoqda. O’zbekiston va Tojikiston prezidentlar ham o’z hokimiyati boshida avval dunyoviy muxolifatni butunlay yo’q qilib olishgandan so’ng asosiy e’tiborlarini Islom diniga qarshi kurashga qaratishgan edi.

Ammo bu ikkala diktator Islom va musulmonlarga qarshi kurashlari jamiyatda musulmonlarning yanada ko’proq birlashishlariga xizmat qildi, musulmonlarga haq bilan botilning, do’st bilan dushmanning o’rtasini ajratib olishlariga xizmat qildi. Buning sababi bunday zolimlar Islom va musulmonlarga qarshi kurashlarida faqatgina o’zlarining moddiy quvvatlariga suyanishadi va musulmonlarning ortida Alloh Taoloning O’zi turganligini idrok qilishmaydi.

“Ular Allohning nurini(ya’ni, Islomni) og’izlari (ya’ni, behuda gaplari) bilan o’chirmoqchi bo’ladilar. Alloh esa, garchi (kofirlar) xoxlamaslar-da, faqat O’z nurini to’la (ya’ni, har tarafga) yoyishni istaydi” [Tavba: 32].

Abdurahmon Odilov

Hizb ut-Tahrirning Qirg’izistondagi matbuot bo’limi a’zosi

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.