“Yangi yilga” o’zbekcha sovg’a

99
0

загруженное (6)

2014 yil 1 yanvardan O’zbekistonda 1 litr benzin narxi 25 so’mga qimmatladi. Bunga avtomobil yonilg’isidan foydalanganlik uchun jismoniy shaxslardan olinadigan soliq miqdori 240 so’m o’rniga 265 so’mga qilib belgilangani sabab bo’ldi va endilikda Ai-80 markali bir litr benzinning yangi narxi 1670 so’m, bir litr Ai-91 benzin 1835 so’m, Ai-95 benzin narxi esa 2020 so’mni tashkil etmoqda. O’zbekistonda benzin narxi oxirgi marta 2013 yil 1 yanvarida 40 so’mga qimmatlagan edi.

2013 yil 25 dekabrdagi «Soliq va byudjet siyosatining 2014 yilga mo’ljallangan asosiy yo’nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi qonunga binoan Soliq kodeksining bir necha moddasiga o’zgartirish kiritildi. 2014 yil 1 yanvardan e’tboran jismoniy shaxslarga solinadigan mulk solig’i ham oshirildi. Turar joy, kvartira, dala xovli va garajlar umumiy qiymatini 1,2 foizi miqdarida soliqqa tortiladi. 2013 yilda bu me’yor 1,04 foizni tashkil etar edi. Endilikda bir yil maboynida shaxsiy uyini bir martadan ko’p sotish tadbirkorlikka tenglashtirilib, olingan daromad soliqqa tortiladi. Bundan avval jismoniy shaxslar o’zlariga qarashli shaxsiy uy-joyni bir yilda ko’pi bilan ikki marta sotishdan tushgan daromad uchun soliq to’lamas edilar.

Bularga qo’shimcha, 2014 yil 1 yanvardan yuridik shaxslarning abonentlik nomeridan foydalanganlik uchun uyali aloqa operatoriga to’lovi 20 foizga oshadi va 500 so’m o’rniga 600 so’m bo’ladi. Bu haqdagi tegishli qaror O’zbekiston rahbari tomonidan tasdiqlangan. Oxirgi marta uyali aloqa xizmatining abonentlik to’lovi 2012 yil 1 yanvarda oshirilgan va o’sha paytda 400 so’mni tashkil qilgan edi. Ayni paytda mamlakatda 19 million odam uyali aloqa xizmatidan foydalanayapti, yoki “muxtaram prezident” aytganidek har bir oilaga o’rtacha uchtadan qo’l telefoni to’g’ri kelmoqda.

O’zbekiston prezidentini boshqa bir qarori bilan, 2014 yilda besh toifadagi jismoniy shaxslar: Ikkinchi jahon urushida Leningrad qamali paytida ishlaganlar, kasbiy faoliyati davomida nogiron bo’lgan ichki ishlar xodimlari, Afg’oniston urushi qatnashchilari, o’n nafardan ko’p bola tuqqan ayollar, Chernobil AESi falokatini bartaraf etishda ishtirok etgan jismoniy shaxslar soliq imtiyozidan mahrum etildi.

Prezident Karimovning 2013 yil 2 dekabr kungi qarori asosida, “Respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish” maqsadi ro’kach qilingani holda 2013 yilning 15 dekabridan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori o’rta hisobda 1,05 baravar oshirilgan edi.

Endi mana shu arzimagan miqdorda oshirilgan ish haqini byudjetdan sarflangan o’rnini to’ldirish, aholi topayotgan daromadni qanday qilib bo’lsa ham tortib olish maqsadida odamlardan olinadigan soliqlar miqdorini oshirishga kirishildi. Oltin, uran, mis, paxta, gaz, neft va boshqa umumiy boyliklarni sotish hisobiga kelgan mablag’larni xorijiy banklardagi o’z hisob raqamlariga joylayotgan Karimov boshchiligidagi O’zbekiston hukumatidagi amaldorlar bo’shab qolgan davlat g’aznasini to’ldirish va xalqni o’zini hisobiga o’z ish haqlarini oshirishiga to’g’ri kelmoqda.

O’zbekistonni oddiy xalqi esa Karimov “rahnamoligida” “kelajagi buyuk davlat” sari “tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib” olg’a intilmoqda.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.