Ey O’zbekiston ulamolari Allohning diniga qarshi borishga qachongacha jur’at qilasizlar

1221
0

abdulaziz_mansur_uzbek

Ozodlik radiosi 22 dekabr kuni efirga uzatgan radio eshittirishida O’zbekistonda plastikdagi pulni foiz to’lash evaziga naqdlashtirish sudxo’rlik, deya fatvo berilgani haqidagi xabarni izohlagan O’zbekiston Musulmonlari idorasi rasmiysi shayx Abdulaziz Mansur Ozodlik tinglovchilari ba’zi savollariga javob berdi. Mulozim musulmonlarning “foiz” so’zi tilga olingan har holatdan qochishi to’g’ri emas, deb tushuntirish berdi.

O’zbekistonda musulmonlar foizlik ishlarga aralashishga majbur qilayotgan holatlar ko’payayotgani, misol uchun, yoshlarning ta’lim krediti, ipotekaga uy yoki kreditga avtomobil olishga majbur qolayotgani aytildi.

Bunday amallarning hukmi so’raldi va aksari O’zbekistondan bo’lgan bu savolga mamlakatdagi 30 million musulmonga berilayotgan fatvolarga rasman mas’ul shayx Abdulaziz Mansur hazratlaridan javob olishga urindik.

Shayx hazratlari sudxo’rlik masalasi – Islomdagi juda nozik masala ekani va O’zbekistondagi bugun musulmonlarni foiz to’lash, unga sherik bo’lishga majburlayotgan bank va moliya tizimiga oid savollarga ayni damda javob bera olmasligini aytdi.

Ammo, tinglovchilarning ba’zi savollari, jumladan kreditga bankdan avtomobil olish, bankka xizmati uchun foiz hisobida haq to’lash kabi amallar hukmi haqidagi savollarga javob berdi. O’zbekiston Musulmonlari idorasi mulozimi bu amallar har doim ham sudxo’rlik, deb ko’rilmasligi, ba’zi hollarda ular joiz bo’lishi haqida gapirarkan, bunga hujjat tariqasida misrlik taniqli islom olimi Said Tantoviy chiqargan kitobni tilga oldi.

– “Al iqtisod fil-Islom” kitobida kreditga pul olayotgan odam buni “nasiya savdo”, deb niyat qilib olsin, degan. Islomda nasiya savdo joiz, halol. Ya’ni, nasiya savdoda mol qimmat bo’ladi va kreditga mashina olayotganda buning narxini uch yilda bo’lib-bo’lib to’layman, bu nasiya savdo, deb niyat qilib olsin, deb yozgan, – dedi Abdulaziz Mansur.

Shayx Abdulaziz Mansur bu so’zlarni aytar ekan Islom dinida joiz bo’lgan muzoraba shirkatini misol qilib keltirib, unda ham foiz hisobida muomala qilinishni, foizni haloli va haromi bo’lishligini aytib o’tdi va sudxo’rlikni harom qilinishga Qur’on oyatlari nozil bo’lib turgan vaqtda odamlar tirikchilik uchun boshqalardan pul olishini va vaqtida qarzini qaytara olmagach unga foiz qo’shilib, odamlar butun umr qarz uzib o’tishgani sababli bu harom qilinganini aytib o’tdi.

Bu javoblarni eshitib xayratdan yoqa ushladim. Allohning diniga qarshi fatvolar berishning bundan ortiqrog’i bo’lmasa kerak.

Bay (savdo) asosan ikki hil bo’ladi, birinchisi nasiya savdo, ikkinchisi naqd savdo. Nasiya savdoni ma’nosi: molni hozir sotib olib, qiymatini (pulini) kelgusida, muayyan bir kunda to’lashga aytiladi. Nasiya savdosining to’g’ri va joiz bo’lishi uchun shart shuki, sotilgan narsaning narxi (puli) berilishi muayyan bir kunga tayin qilingan bo’lishi kerak. Agar tayin qilinmasa, bay fosid bo’ladi va unday bayni buzish vojib bo’ladi. Masalan: xaridor: “Men sizdan mana shu ko’ylakni narxini o’n kunda berish sharti bilan sotib olaman”, deydi. Shunda sotuvchi: “Mayli sotdim”, desa va oluvchi: “Oldim”, desa, nasiya savdo qilingan bo’ladi. Endi sotuvchi o’n kungacha ko’ylakning pulini talab qilishi joiz emas. Hatto agar sotib olgan odam u narsani o’sha zahoti naqdga boshqaga sotib yuborgan bo’lsa ham.

Islom dinida naqd narsani ma’lum muddatgacha yuklatilgan ma’lum sifatdagi nasya tovar evaziga topshirish salam va salaf deyiladi. U savdoning bir turidir. Savdoda qanday bitim tuzilsa, unda ham o’shanday bitim tuziladi, faqat salam lafzi ishlatiladi. Salam shar’an joizdir. “Ey, mo’minlar, bir-birlaringiz bilan qarz muomalasini qilsangiz, yozib qo’yinglar!” [2:282]

Ibn Abbos: “Guvohlik beramanki, ma’lum muddatga kafolatlangan salafni Alloh Azza va Jalla halol qilgan va unga ruxsat bergan, deb,

“… bir-birlaringiz bilan qarz muomalasini qilsangiz”, [2:282] oyatni tilovat qildi”. Ikki shayx ibn Abbosdan rivoyat qilishlaricha, Payg’ambar sollallahu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida odamlar xurmoni ikki, uch yilga salafga berardilar.

Payg’ambar (sollallahu alayhi va sallam): “Kimki bir narsani salafga bersa, ma’lum o’lchov, ma’lum tarozi bilan ma’lum muddatga bersin”, deganlar. Qarz salafning bir turidir. Birovga keyin qaytarib olish sharti bilan pul berish qarz deyiladi. U shar’an joizdir. Ibn Hibbon ibn Mas’uddan rivoyat qilishicha, Payg’ambar (sollallahu alayhi va sallam): “Qaysi bir musulmon yana bir musulmonga ikki marta qarz bersa, bir marta sadaqa bergandek bo’ladi”, deganlar.

“Oltinga oltin. Rudasi ham o’zi ham vaznga vazn beriladi. Kumushga kumush. Rudasi ham, o’zi ham vaznga vazn beriladi. Tuzga tuz, xurmoga xurmo, bug’doyga bug’doy, arpaga arpa. Bab-barobar kilosiga kilo beriladi. Kimki ko’paytirib olsa yoki bersa, ribo qilibdi”. Qarz shu olti narsada va boshqa narsalarda hamda mulk bo’ladigan barcha narsalarda joizdir. Qarz foyda keltirsa, unga ribo kirgan bo’ladi. Bunga dalil, Xoris ibn Abu Usoma Ali (r.a)dan rivoyat qilgan ushbu hadisdir: “Payg’ambar (sollallahu alayhi va sallam) foyda keltiradigan qarzdan qaytarganlar”. Yana bir rivoyatda: “Foyda keltirgan har bir qarz, ribodir”, deyilgan. Muzoraba shirkati esa tijorat uchun kimgadir pul berib turish deyiladi. U tan va molning sherikchilik qilishidir. Batafsilroq aytadigan bo’lsak, bir kishi boshqa bir kishiga tijorat uchun pul beradi, chiqqan foyda shartlashuvga qarab taqsimlanadi. Muzorabada ziyon sheriklarning kelishuviga emas, shariatda vorid bo’lgan hujjatga qarab bo’ladi. Shariatda u faqat molning o’ziga tushadi. Muzorabachi esa moliyaviy ziyon ko’rmaydi. Hatto mol egasi bilan muzorabachi – foyda ham, ziyon ham o’rtada, deb kelishgan bo’lsalar ham, baribir, foyda o’rtada bo’lib, ziyon molning o’ziga tushadi. Chunki shirkat vakolatdir. Vakilning hukmi esa uning kafil bo’lmasligidir. Ziyon vakil qiluvchining o’ziga tushadi, xolos. Abdurrazzoq “Jome’”da rivoyat qilishicha, Aliy (r.a): “Ziyon molga, foyda esa kelishuvga qarab bo’ladi”, degan. Zero, tan molni yo’qotmaydi, u bor-yo’g’i qilgan mehnatini yo’qotadi. Shunga ko’ra, ziyon molning gardanida qolaveradi.

Shariat miqdori oz yoki ko’p bo’lishidan qat’iy nazar sudxo’rlikni qat’iy taqiqlaydi. Uning puli aniq haromdir.

“Sudxo’r bo’lgan kimsalar (qiyomat kuni qabrlaridan) turmaydilar, magar jin chalgan majnun kabi turadilar. Bunga sabab ularning: “Bay (oldi-sotdi) ham sudxo’rlikning o’zi-ku?” – deganlaridir. Holbuki, Alloh bayni halol, sudxo’rlikni harom qilgan. Bas, kimga Parvardigoridan mav’iza-nasihat etgach (sudxo’rlikdan) to’xtasa, u holda avval o’tgani o’ziga va uning ishi Allohga (topshiriladi) (ya’ni O’zi xohlasa afv qilar) va kim (sudxo’rlikka) qaytsa, o’shalar jahannam egalaridir va unda abadiy qolajaklar“. [2:275] “Ey mo’minlar, Allohdan qo’rqing va agar chindan mo’min bo’lsanglar, sudxo’rlik sarqitlarini tark qiling. (Ya’ni odamlarga bergan qarzlaringizdan chiqadigan foydani olmang). Endi, agar (farmonimizni)qilmasangiz, u holda Allo’ va payg’ambari tomonidan bo’lgan urushni bilib qo’ying! Agar tavba qilsangiz, (dastmoyangiz) o’zingizga – zolim ham, mazlum ham bo’lmaysiz” [2:278,279]

Ribo (sudxo’rlik)ning voqeligi sudxo’r odamlar mehnatini ekspluatatsiya qilib foyda olishidan iboratdir. U mehnatsiz daromaddir. Chunki ustiga foiz qo’yilayotgan molning hech qanday ziyonga ro’baro’ bo’lmagan holda foydasi kafolatlangandir. Shuning uchun molni sherikchilik, muzoraba kabi yo’llar bilan ishlatish bularning shartlari to’la topilganda joizdir. Chunki shunday qilganda undan butun bir jamoa foydalanadi. Birovlarning mehnatlari ekspluatatsiya qilinmaydi. Aksincha, ular o’z mehnatlari bilan moldan foydalanish imkoniyatiga ega bo’ladilar. U foydaga qanday ro’baro’ bo’lsa, ziyonga ham shunday ro’baro’ bo’ladi. Sudxo’rlik – buning aksi. Uning harom qilinishi shariy nass bilandir. Nassda illati ko’rsatilmagan. Qolaversa illat shar’iy bo’lishi lozim, aqliy bo’lishi mumkin emas. Illat shar’iy bo’lishi uchun esa u yo Qur’onda yoki Sunnatda zikr etilgan bo’lishi zarur. Riboni nima uchun harom qilingani Qur’onda zikr qilinmagan.

Ey shayx xazratlari!

Siz odamlar biror masalada muammoga duch kelishsa, ko’p kitob o’qigan, ilmli odamlarga murojaat qilishi lozimligini aytib o’tdingiz. Ammo mana shu ilmli odamlarni o’zi dunyo manfaatini ustun qo’yib, ilmsiz omilarni adashtirayotgan bo’lishsa nima qilish kerak? Yoki riboni halol yoki harom bo’lishi bu foiz olayotgan tomon davlat yoki yakka shaxs bo’lishiga qarab o’zgaradimi? Yoki aylantirish uchun olingan mablag’ga foiz qo’yish joizu, tirikchilik uchun olinganiga joiz emasmi? Axir dastmoyani aylantirishdan maqsad ham tirikchilik qilish uchunku.

Ey shayx xazratlari!

Bizni Sizga aytadigan so’zimiz shundan iboratki, bu dunyoni arzimas ne’matlari evaziga ohiratingizni kuydirmang. Bu dunyo o’tkinchiligini o’zingiz ham juda yaxshi bilasiz. Biladiganlar bilan bilmaydiganlarni mavqeyi Allohning oldida barobar bo’lmasligini va bilib turib odamlarini adashtirgan olimlarni hisob-kitobi ham, ularga beriladigan jazo ham qattiq bo’lishini yaxshi bilasiz.

Abud-Dardo roziyallohu anhu rivoyat qilgan, Payg’ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Ulamolar payg’ambarlarning merosxo’rlaridir. Payg’ambarlar dinor va dirhamni meros qoldirmadilar, lekin ular mana shu ilmni meros qildilar. Kim uni olgan bo’lsa, etarli ulushni olibdi”. (Ibn Moja rivoyati, Alboniy sahih degan) hadisida zikr qilingan hadisdagi haqiqiy merosxo’rlardan bo’lishingiz uchun shu so’zlarni aytmoqdamiz.

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.