O’zbekistonda sudlashuv mavsumi boshlanmoqda

192
0

images (1)

Nafaqat o’zbekzabon, balki dunyoning deyarli barcha tillarida chop etiladigan ommaviy axborot vostalari orasida ham shov-shuvlarga sabab bo’lgan Gulnora Karimovaning tvitter bayonotlari shu qadar ko’p bo’ldiki, endigi navbat Gulnora o’z tvitlarida tilga olgan odamlar u bilan sudlashishiga etib kelgan ko’rinadi.

Lola Karimova-Tillaevaning rasmiy veb sahifasida e’lon qilingan bayonotda “Ko’pgina ommaviy axborot vositalari menga va mening turmush o’rtog’imga nisbatan Gulnora Karimova tomonidan qo’yilgan ayblar yuzasidan o’z munosabatimizni bildirishimizni so’rab murojaat qilyaptilar. Bo’lib o’tayotgan voqealarga har qanday munosabat bildirishni istamasakda, yuzaga kelgan vaziyat, ya’ni Gulnora Karimova tomonidan men va mening turmush o’rtog’im Timur Tillaevga nisbatan ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida diffamatsiya, bo’xton va po’pisalar tarqatilayotganligi, bizga huquqshunoslarimiz bilan maslahat boshlab, Gulnora Karimovaga qarshi sudga da’vo qilish kabi qonuniy choralarni qo’llash imkoniyatini ko’rib chiqishdan o’zga chora qoldirmayapti”, – deyiladi.

Bunga qo’shimcha, inson huquqlari faoli Mo”tabar Tojiboeva ham Gulnora Karimovani o’ziga nisbatan bo’xton qilgani uchun sudga bermoqchi. Mamlakatda rasman ro’yxatga olingan O’zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati 4 dekabr kuni Yanis Galanos bilan o’tkazilgan intervyuga tayangan holda, uning qiynoqqa tutilmagani ma’lum qilgan edi. Bu tashkilotning rahbari Vasila Inoyatova bo’lib, Mo”tabar Tojiboeva Gulnorani o’zini u bilan adashtirib yuborganlikda ayblamoqda.

O’z xodimi huquqlari poymol qilinganidan darg’azab bo’lgan Gulnora 8 dekabr kuni “Mo”tabar – farishta! Urrra! O’rtoqlar URRRAaaa!))))))”, – deya tvit qoldirgan edi.

O’z navbatida “Fergana.ru” saytini asoschisi va bosh redaktori bo’lgan Daniil Kislov ham Gulnora bilan bo’lib o’tgan daxanaki jangdan so’ng uni sudga berish haqida shama qilib o’tdi.

Kislov Gulnoraga intervyu berish haqida so’z ochganida Gulnora “Borib uxla! Intervyuga yo’l bo’lsin. Xozircha mashq qilib tur va mikrofoningni tekshir”, – deb javob qaytardi.

Bunga javoban Kislov “Men seni “sen” deb atamadim, damingni ol. Menda unga nisbatan e’tiroz yo’q. Aminmanki, huquq organlarida bor…” deb yozdi.

Bundan tashqari Gulnora o’z tvitter sahifasi orqali “…Tillaevlar tarafidan yollangan Kislov kabi yozmachilar… o’zlari ko’pirtirayotgan o’yinning qanchalik axmaqona ekanligini xali yaxshilab tushinib oladilar”, – deya tahdid qildi.

Bular bilan bir vaqtda, “Zamondosh” sayti ham Gulnorani sudga tortishini ma’lum qildi.

Buning sababi Gulnora Karimova Turkiyaning “Hurriyat” gazetasiga bergan intervyusida “Polkovnik Yuriy Nikolaevich Savinkov va uning o’g’li Igor Savinkov¸ Haët va Javdat Sharifho’jaev va ularning hamkori Ravshan Jo’raevlarni Gulnoraga qarshi qoralash kampaniyasi tashkilotchilari sifatida sanab o’tadi. Gulnorani so’zlariga ko’ra, “Zamondosh” MXX polkovnigi Yuriy Savinkov tarafidan tuzilgan. Intervyuda Gulnora Karimova bu qoralash kampaniyasi o’z singlisining uchinchi eri Temur Tillaev tarafidan moliyalangani”ni aytgan edi.

“Biz sizni sudga beramiz”, – deb yozdi “Zamondosh”.

Bunga javoban Gulnora, agar uning o’zi sudga bersa, u bilan hisoblashgani Tillaev va Sharifho’jaevlarni qo’shganda ham puli etmasligini bildirdi.

Bular bilan bir qatorda, Gulnora Karimova ham o’ziga qarshi ish yuritganlarni sudga tortishi haqida ma’lum qildi.

“Qayd qilish kerakki, tekshiruv Internet uyushmalar va ijtimoiy tarmoqlar bo’yicha turli xil yo’nalishlarda boshlandi”, deya tvitladi Karimova.

@GulnaraKarimovaga ko’ra, Tvitter kompaniyasi unga qarshi “ishlayotgan” ayrim akkauntlarni yopgan.

“Sizlarga shuni ma’lum qilmoqchimanki, bu kabilar sud oldida javob beradi.. Sudlarga allaqachon nohuquqiy harakatlar borasida shikoyat arizasi topshirildi”, deya yozdi Karimova….

Islom Karimov o’zining 24 yildan oshgan boshqaruvi mobaynida O’zbekistonda haqiqiy “o’rmon qonuni”ni vujudga keltirdi. Inson qadri, haq-huquqi, shaxsiy mulki va xavfsizligi deb atalgan narsalar O’zbekistonda hech qanday qiymatga ega bo’lmadi. Kuchi bor, puli yoki amali bor har qanday amaldor o’zidan ojizlarni xorlash, toptash, molini tortib olish yoki qamoqqa tashlash… uchun ko’ngliga kelgan ishni qildi va xozir ham shunday davom etmoqda.

Ammo bu “o’rmon qonuni”ning yana bir tarafi bo’lib, agar to’da o’z boshqaruvchisini ojizligini sezsa yoki to’da boshi qarib boshqara olmay qolsa, yirtqichlar barchasi bir bo’lib, to’da boshiga tashlanishadi va uni yo’q qilishadi. Karimov ham xozir xuddi shunday holatga tushib qoldi. Karimov o’zining quvvat cho’qqisidan zavolga yuz tuta boshladi. Xatto o’z oila a’zolarini ham himoya qilishdan ojiz bo’lib qoldi. Buni anglab etgan uning atrofidagi “sodiq” laychalari hokimiyat uchun o’zaro kurashni boshlab yuborishdi. Xozircha esa Karimov ularga O’zbekiston xalqini qo’rquvda ushlab turuvchi “olabo’ji” sifatida kerak bo’lyapti xolos. Shuning uchun ham Karimov O’zbekistonda o’zi vujudga keltirgan va 24 yildan oshiq vaqtdan buyon tatbiq qilinib kelinayotgan “o’rmon qonuni”ning qurboni bo’lishi aniq bo’lib qoldi.

Bundan tashqari xalqimizda luqmai halol degan gap bor. Ota-bobolarimiz birovni haqiga hiyonat qilishdan, birovni haqini eyishdan xuddi o’tdan qochgandek qochishgan va o’z farzandlarini luqmasi halol bo’lishiga qattiq ahamiyat berishgan. O’zbekiston hokimiyati tepasida bo’lgan Karimov esa o’z qizlarini 30 millionlik xalq mulki zvaziga boqib katta qildi hamda qizlarini ham shu mulkdan ko’ngillari tusagan holda foydalanishlariga imkoniyat yaratib berdi. Buning oqibati esa bugungi kunda barchaga ayon bo’lmoqda. Singil o’z opasi bilan o’n ikki yildan beri gaplashmasa, qiz o’z onasini jodugarlik va pulga sig’inishda ayblasa, ona o’z qizini yo’q qilishlik bilan tahdid qilsa… Xalqimizda “Birovni haqi teshib chiqadi” degan ibratli gap bor. Agar Karimov o’z hokimiyati va harom yo’llar bilan orttirgan boyliklardan judo bo’ladigan bo’lsa, undan yuz o’giradiganlarni birinchilari ham aynan o’z oila a’zolari bo’ladi.

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.