Savolga javob

401
0

savol_bering

 

Ummat bay’at aqdida xalifa uchun muayyan muddatni belgilashni shart qilib qo’yishi joizmi?
Savol: Xalifalik rozilik va ixtiyor aqdidir. Ummat Abdurrahmon ibn Avfga boshqaradigan odamning Allohning Kitobi va Rosulining Sunnati bilan boshqarishiga qo’shimcha ikki shayx (Abu Bakr va Umar)ning yo’lini ham shart qilib qo’ygan. Bundan bay’at aqdida Ummat xalifa uchun muayyan muddatni belgilashni ham shart qilib qo’yishi joizligini tushunishimiz mumkinmi? Bunga izoh berishingizni umid qilamiz. Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin.
Javob: Javob berishdan oldin quyidagilarni eslatib qo’ymoqchiman:
a) Musulmon odam aqd-bitimlarda istagan narsasini shart qilib qo’yishi mumkin, faqat halolni harom yoki haromni halol qiladigan shart bundan mustasno. Buxoriy Bariraning ozod qilinishi haqida Oisha r.a.dan rivoyat qilgan hadisi sharifda kelishicha, Rosululloh s.a.v. odamlar oldida turib Allohga hamdu sano aytgandan keyin shunday dedilar:

«أَمَّا بَعْدُ، مَا بَالُ رِجَالٍ يَشْتَرِطُونَ شُرُوطًا لَيْسَتْ فِي كِتَابِ اللَّهِ، مَا كَانَ مِنْ شَرْطٍ لَيْسَ فِي كِتَابِ اللَّهِ فَهُوَ بَاطِلٌ، وَإِنْ كَانَ مِائَةَ شَرْطٍ، قَضَاءُ اللَّهِ أَحَقُّ، وَشَرْطُ اللَّهِ أَوْثَقُ، وَإِنَّمَا الوَلاَءُ لِمَنْ أَعْتَقَ»

«Ammo ba’d, Allohning Kitobida bo’lmagan shartlarni shart qilib qo’yadigan kishilarning ahvoli nima bo’larkin. Allohning Kitobida bo’lmagan shart botildir, agarchi yuzta shart bo’lsa ham. Allohning qazosi eng haq va Allohning sharti eng mustahtahkamdir. Albatta valiylik ozod qilgan kishinikidir».
Termiziy Kasir ibn Abdulloh ibn Avf Muzaniydan, u otasidan, otasi bobosidan rivoyat qilgan sahih hadisda Rosululloh s.a.v. dedilar:
«وَالْمُسْلِمُونَ عَلَى شُرُوطِهِمْ، إِلاَّ شَرْطًا حَرَّمَ حَلاَلاً، أَوْ أَحَلَّ حَرَامًا»
«Musulmonlar o’z shartlariga vafo qilishlari lozim, faqat halolni harom yoki haromni halol qiladigan shartga vafo qilmaydilar».
b) Demak musulmon odam aqdlarda haromni halol yoki halolni harom qiladigan, ya’ni Allohning shariatiga xilof shartlardan boshqa shartlarni shart qilib qo’yishi joiz. Allohning shariatiga xilof shart botil shart bo’lib, u joiz emas.
v) Mujtahidning boshqa bir mujtahidga taqlid qilishi joiz. Bu sahobalar tutgan yo’ldir. Shunga binoan agar musulmon odam bir mujtahidga qaysidir masalada boshqa bir mujtahidga taqlid qilishini, aks holda unga bay’at bermasligini shart qilib qo’ysa, bu joizdir. Chunki mujtahidning boshqa bir mujtahidga taqlid qilishi joiz.
«Shaxsiya» kitobining birinchi juz 157-sahifasida «Taqlid voqesi» bobida quyidagicha keladi:
«Agar mujtahidda bir masala borasida ijtihod qilishi uchun to’la layoqat bo’lsa va u shu masalada ijtihod qilib, bir hukmga erishsa, bu erishgan hukmiga zid bo’lgan narsada boshqa mujtahidlarga ergashishi joiz emas. Ammo faqat quyidagi to’rt holatning biridagina o’z ijtihodi bilan etgan ra’yidan voz kechishi mumkin:
1. Agar mujtahidga o’z ijtihodida suyangan dalili zaifligi va boshqa mujtahidning dalili uning dalilidan kuchli ekani ma’lum bo’lib qolsa, darhol o’z ijtihodi bilan etgan hukmdan voz kechib, dalili kuchli hukmni olishi vojib…
2. Agar biror mujtahidga boshqa bir mujtahidning dalillarni voqega bog’lashga qodirroqligi yoki voqedan yaxshiroq xabardor va dalillarni tushunib etishda kuchliroq ekani yoki sam’iy dalillarni ko’proq bilishi kabi afzalliklari ma’lum bo’lib qolsa, shuning uchun u mujtahid muayyan masalani tushunishda yoki masalalarni qanday bo’lsa shundayligicha tushunishda o’zidan ko’ra to’g’ri yo’l tutishiga ko’proq ishonsa, o’z ijtihodi bilan etgan hukmni tashlab, ishonchliroq deb bilgan mujtahidning ijtihodiga ergashishi joiz.
3. Agar xalifa mujtahid istinbot qilgan hukmga xilof hukmni tabanniy qilsa. Bu holatda mujtahid o’z ijtihodi va unga amal qilishni tashlab, xalifa tabanniy qilgan hukmni olishi vojib…
4. Bu erda musulmonlar manfaati uchun ularni birlashtirish maqsad qilingan bir ra’y mavjud bo’lsa. Bu holatda mujtahid o’z ijtihodidan kechib, musulmonlarni birlashtirish maqsad qilingan hukmni olishi joiz. Xuddi Usmonga bay’at berilayotgan paytda sodir bo’lgan voqeadagidek… Biroq bu narsa mujtahid uchun vojib emas, balki joizdir. Chunki Ali r.a. o’z ijtihodini tashlab Abu Bakr va Umar r.a.ning ijtihodiga ergashishga ko’nmagan paytda hech kim Alining bu ishini inkor qilmadi. Demak, bu holatda mujtahij o’z ijtihodini tashlab boshqaga ergashishi vojib emas, joizdir.
Yuqoridagilar o’zi amalda ijtihod qilib, biror masalada bir hukmga erishgan mujtahid haqidagi fikrlar. Ammo mujtahid biror masalada hali ijtihod qilmagan bo’lsa, bu masalada boshqa mujtahidning ijtihodini olib qo’ya qolishi ham mumkin… Sahih xabarlarda keladiki, Umar r.a. Abu Bakr r.a.ga: «Bizning ra’yimiz sizning ra’yingizga tobe», deb aytgan. Yana shunday xabarlar borki, Umar r.a, agar biror xusumatni hal etishda Qur’on va Sunnatdan echim topa olmasa, Abu Bakr r.a. shunday muammoga echim berganmi-yo’qmi, qiziqardi. Agar Abu Bakr r.a.ning shunday muammoni echganini topsa, u ham shu echimni olar edi. Ibn Mas’ud r.a. esa Umarning so’zini olishi ham sahih hadislarda vorid bo’lgan. Bu narsalar sahobalarning ko’z o’ngida, ko’plab hodisalarda bo’lib o’tgan, lekin ularning birortasi bu.a.rni inkor etmagan. Bu esa ijmoi sukutiydir».
g) Xalifaga bay’at berish nususlari muddat shart qilinishiga ziddir. Chunki Rosululloh s.aa.v.ga va xulafoi roshidinlarga bay’at berish Allohning Kitobi va Rosulining Sunnati bilan hukm yuritishga binoan bo’lgan. Bay’atning sharti mana shudir. Agar xalifa Alloh Subhanahu va Taoloning Kitobi va Rosululloh s.a.v.ning Sunnati bilan hukm yuritishni tark qilsa, xalifani chetlatish kayfiyati hamda mazolim mahkamasi salohiyatini batafsil bayon qilib kelgan shar’iy ahkomlarga muvofiq uning boshqaruvi nihoyasiga etadi. Xalifa uchun boshqa shartni belgilash bay’at nususlariga zid bo’lgani uchun joiz emas. Bay’at nususlarida Alloh Subhanahu va Taoloning Kitobi va Rosuli s.a.v.ning Sunnati bilan hukm yuritish deb kelgan. Bu – Sunnat va sahobalar ijmosi bilan sobitdir:
Sunnatga kelsak, Buxoriy Uboda ibn Somitdan rivoyat qilgan hadisda u aytadi: Rosululloh s.a.v. bizni da’vat qildilar. Biz u kishiga bay’at berdik. Bizdan bay’at olar ekan, xursandchilikda ham, xafachilikda ham, og’ir kunlarimizda ham, engil kunlarimizda ham quloq solib, itoat etishga, o’zimizdan afzal ko’rishimizga, ishni egasidan talashmasligimizga bay’at berishimizni aytib:
«إِلاَّ أَنْ تَرَوْا كُفْرًا بَوَاحًا عِنْدَكُمْ مِنَ اللَّهِ فِيهِ بُرْهَانٌ»
«Faqat agar ochiq kufrni ko’rsangiz va sizda bu haqda Allohdan aniq hujjat bo’lsa, (shundagina talashishingiz mumkin), dedilar». Bu hadisni Muslim ham rivoyat qilgan.
Muslim Yahyo ibn Husayndan, u (katta) buvisi Ummu Husayndan rivoyat qilishicha Rosululloh s.a.v.:
«إِنْ أُمِّرَ عَلَيْكُمْ عَبْدٌ مُجَدَّعٌ أَسْوَدُ، يَقُودُكُمْ بِكِتَابِ اللَّهِ تَعَالَى، فَاسْمَعُوا لَهُ وَأَطِيعُوا»
«Ustingizga bir nogiron qora qul amir qilib tayinlansa ham – modomiki u sizlarni Allohning Kitobi bilan boshqarar ekan – unga quloq solib itoat etinglar», dedilar.
Bularning barchasidan, modomiki Alloh Subhanahu va Taoloning Kitobi va Rosuli s.a.v.ning Sunnati bilan hukm yuritilar ekan, bay’at va itoatning davom etishi aniq ko’rinib turibdi. Faqat ochiq kufr, ya’ni shariatga qat’iy zidlik zoxir bo’lsa itoat qilinmaydi.
Sahobalar ijmosiga kelsak, xulafoi roshidinlarning bay’ati belgilangan muddatga emas, balki Alloh Subhanahu va Taoloning Kitobi va Rosuli s.a.v.ning Sunnatiga binoan bo’lgan. Ularga bay’at berish sahobalar ko’z o’ngida bo’lgan. Shuning uchun bu muddat belgilanmasligiga ijmo bo’lib qoldi. Xalifaning xalifalikda davom etishi Alloh Taolo va Rosuli s.a.v.ga itoat qilishiga, ya’ni Alloh nozil qilgan shariat bilan hukm yuritishiga bog’liq. Muammar ibn Roshid «Jome’»sida shunday keltiradi: Bizga Abu Bakr r.a. xitob qilib aytdi: «Ey odamlar men sizlarga boshliq qilindim va men sizlarning yaxshingiz emasman. Modomiki men Alloh va Rosuliga itoat qilar ekanman, menga itoat qilinglar. Agar Alloh va Rosuliga osiylik qilsam menga itoat qilish sizlarga vojib emas. Namozga turinglar. Xudo sizlarni o’z rahmatiga olsin».
Bu dalillardan xalifalik muddati belgilanmagani, balki xalifaning Alloh Taolo va Rosuli s.a.v.ga itoat qilishi bay’at matnida aniq ifodalangani ko’rinib turibdi. Modomiki xalifa Allohning shariati bilan hukm yuritar ekan, uning boshqaruvi davom etadi. Agar u qat’iy nususga zid ish qilsa, uning boshqaruvi nihoyasiga etadi, garchi unga bir yoki ikki oy bo’lgan bo’lsa ham. Bu ish xalifani chetlatish va mazolim qozisi haqida kelgan shar’iy hukmlarga muvofiq bo’ladi.
d) Umar r.a.dan keyin xalifani saylashda sodir bo’lgan ishlar haqida aytadigan bo’lsak, ular Abdurrahmon ibn Avfga shunday xalifaga bay’at berishni shart qilib qo’yishganki, agar bu xalifaga undan oldingi ikki xalifaning davrida ro’y bergan masala ro’baro’ kelsa hamda Abu Bakr va Umar bu masalada hukm qilgan bo’lsa, bu masalada ijtihod qilmay ularga taqlid qilishi vojib. Ali r.a. bu shartni rad etib har bir masalada o’zi ijtihod qilishini aytdi. Usmon r.a. esa bu shartni qabul qildi. Shuning Usmon r.a.ga bay’at berildi. Xalifaga bunday shartlarning shart qilinishi joiz. Xalifa uchun ham bu shartlarni qabul qilib taqlid qilishi yoki qabul qilmay ijtihod qilishi joiz. Mujtahidning boshqa bir mujtahidga taqlid qilishi – yuqorida sahobalar davrida bir mujtahidning boshqa mujtahidga taqlid qilgani haqida bayon qilib o’tganimizdek – shar’an joizdir.
Xulosa shuki aqdlarda shar’iy nususlarga zid bo’lmagan shartning qo’yilishi joizdir. Agar shar’iy nususlarga zid bo’lsa joiz emas. Xalifa uchun muddatni belgilashni shart qilib qo’yilishi Sunnat bilan va sahobalar ijmosi bilan sobit bo’lgan bay’at nususlariga ziddir. Bu nususlar Alloh Subhanahu va Taoloning Kitobi va Rosuli s.a.v.ning Sunnati bilan hukm yuritilishidir. Demak unga bay’at berilishi iroda qilinayotgan xalifaga muddatni belgilashni shart qilib qo’yilishi joiz emas.
16 jumodus-soniy 1434h 6 aprel 2013m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.