Harbiylar “Musulmon Birodarlar” bilan til topisha oladimi?

439
0

920960_3

Butun insoniyat ko’z o’ngida musulmonlar ayovsiz qirg’in qilinayotganiga qaramay, Saudiya Arabistoni Qiroli Abdulloh o’z mamlakati Misr hukumatini – uning ta’biri bilan aytganda – “terrorchi va dushmanlar”ga qarshi qo’llab quvvatlashini aytgan. Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya ham Misr harbiylarini qo’llab-quvvatlashini bildirgan.

Bundan ruhlangan Misr hukumati bo’lib o’tgan hodisalarda o’zini oqlash kampaniyasini boshlab yubordi. Muvaqqat Bosh vazir Hazim al-Biblaviyning aytishicha, hukumatning maqsadi zo’ravonlikka chek qo’yish, haloyiqni tartibsizlikka undayotgan tomonlarni bostirishdir. “Hukumat qurolli hujumlarga qurol bilan javob beradi” – deydi u.

Hazim al-Biblaviy qirg’inlarda “Musulmon Birodarlar”ni ayblar ekan, “Qo’li qonga belanganlar bilan hech qanday yarashuv bo’lmaydi. Mamlakat va xalqqa qarshi qurol ko’targanlar bilan hech qachon yarashuv bo’lmaydi. Qonunni buzganlar bilan hech qachon yarashuv bo’lmaydi, – deya bayonot berdi.

Tahlilchilarga ko’ra, Harbiylarning “Musulmon Birodarlar” bilan til topishishi amri mahol.

“Harbiylar nuqtai nazaridan qaraganda, “Musulmon birodarlar” ular uchun dushman, va raqibdir. Ularga ko’ra, “Musulmon birodarlar” uchun mamlakat siyosiy tizimida o’rin yo’q”, – deydi Yaqin Sharq siyosati bo’yicha tahlilchi Robert Satloff.

“Yaqin yaqingacha Suriyadagi urush barchaning e’tiborida edi. Misrda vaziyat shu darajaga etadi deb kim ham o’ylabdi. Misrni qanday kelajak kutmoqda? Suriyadagi fuqaro urushi oxir-oqibat nima bilan tugaydi? Mana shu ikki yirik omil mintaqadagi kayfiyatni va AQSh manfaatlarini belgilovchi omillardir”, – deya qo’shimcha qiladi u.

“Armiyaning vazifasi – vaziyat tamoman izdan chiqib, Suriyadagi kabi fuqaro urushiga aylanmasidan oldin “Musulmon Birodarlar”ni mag’lub etishdir”, – deb voqeani sharhlaydi Satloff.

Biroq tahlilchilarga ko’ra, hukumatning bu qarori amalga oshadigan bo’lsa, oqibatlari butun mintaqa uchun juda xatarli bo’lishi mumkin.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.