Kerri Suriya mojarosini muhokama qilmoqda

424
0

1370463655_1

Oxirgi paytlarda bo’zchining mokisiday Yaqin Sharqqa tez-tez qatnab qolgan AQSh davlat kotibi Jon Kerri chorshanba kuni Iordaniyada arab davlatlari rahbarlari bilan uchrashib Suriya mojarosi va Misrdagi vaziyatni muhokama qildi.

Shuningdek, Kerri Arab davlatlari Ligasi rasmiylarini Arab-Isroil tinchlik dasturi bilan tanishtirib, Misrdagi bo’hron va Suriya muxolifatini qo’llash borasida Vashington tutgan pozitsiyani ularga tushintirdi.

Yig’ilishga Arab ligasining bosh kotibi Nabil al-Arabiy, Falastin tashqi ishlar vaziri Riyoz Molikiy, shuningdek Bahrayn, Iordaniya, Quvayt, Mag’rib, Qatar, Saudiya va birlashgan Arab amirliklaridan hukumat mas’ullari qatnashdi.

Jon Kerrining Yaqin Sharqqa tez-tez kelishining sababi Isroil-Falastin mojarosi bo’lishiga qaramay, AQSh davlat kotibi Suriyadagi fuqarolar urushi va Misrdagi notinchliklarni asosiy mavzular sifatida muhokama qildi.

Xabarlarga ko’ra, Kerri yig’ilishdan avval Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan suhbat o’tkazgan va suhbat besh soat davom etgan.

Abbos so’zlovchisi Nabil Rudinaning aytishicha, falastinliklar tinchlik muloqotining qayta boshlanishiga qarshi emas. “Janob Kerri muvaffaqiyatga erishadi, deb umid qilamiz. Prezident Abbos muzokaralar uchun tayyor va “Ikki davlat” echimining tinchlik va barqarorlikka etaklaydidan har qanday qismini qo’llab-quvvatlaydi. Amerika muhim ishni boshlagan. Uning davom etishidan umidvormiz”, – deydi falastinlik rasmiy.

AQSh Tinchlik instituti tahlilchisi Stiv Heydemenga ko’ra, Suriyadagi urush Falastin-Isroil muloqotiga soya solmoqda, vaziyat qaltis. “Suriyada vaziyat tobora izdan chiqib bormoqda. Zo’ravonlik chegaradan oshib qo’shni hududlarga tarqalmoqda. Isroil ham, Hizbulloh ham mojaroga tobora tortilib boryapti”, – deydi tahlilchi Heydemen.

Amerika universiteti professori Akbar Ahmedning aytishicha esa, Suriya muammosi Isroil va Falastin o’rtasida tinchlik o’rnatish zaruratini yanada oshiradi. “Chunki Isroil urush zonasiga yaqin. Uning oldida ikki yo’l bor: chegaralarini mustahkamlash hamda shu chegaralar ichida tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash”, – deydi professor.

Isroil ayni paytda Suriya chegarasi yaqinida harbiylari sonini oshirmoqda, deydi AQShning Isroildagi sobiq elchisi Daniel Kurtzer. “Hozir Suriyada zo’ravonlik qaysidir darajada nazoratga olingan, lekin uning qo’shni hududlarga ham yoyilishi ehtimoli juda katta va xavfli. Bu qo’shnilarni beqarorlikka boshlashi yoki Isroilni ham harbiy mojaro domiga tortishi mumkin”, – deydi Kurtzer.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.