Karimov zindonidan yana bir dindorning o’ligi chiqdi

388
0

«Mayitning yuzi ko’karib ketgan, qo’li tortilib qolgan, ikki elkasi va boshida bir nechta chuqurchalar bor, yuzi esa tilim-tilim».

Zarafshondagi qamoqxonadan o’ligi chiqqan 43 yoshli Dilshod Ishoqov jasadini toshkentlik faol Mo”tabar Ahmedova ana shunday tasvirlaydi.

«Jasadni keltirgach, MXX ularning uyini o’rab olgan va ota-onasini qo’rqitgan» — deydi huquq faoli.

Bi-Bi-Si o’zbek xizmatining ma’lum qilishicha, mayit keltirilganda, hidlanib qolgani uchun yaqinlari uni tezda tuproqqa topshirishgan. Rasmiylar Dilshod Ishoqovning o’z ajali bilan olamdan o’tganini aytishmoqda, lekin mayit yaqinlari O’zbekiston rasmiylarining ma’lumotiga ishonmasligini aytmoqdalar.

«Marhum qamoqda muntazam qiynoqlarga tutilgan» — deydi Mo”tabar Ahmedova -»Chunki doimo undan uzr so’rashni talab qilisharkan, u esa men uzr so’raydigan jinoyat qilmaganman, deb uzr so’ramas ekan. Tergov paytidayoq uni qiynab, beliga qattiq lat etkazishgandi. Qamoqda esa uni har xil yo’llar bilan urib, elektr tokiga o’tirg’izib kelishgan».

Bundan 13 yil burun hibsga olingan Dilshod Ishoqov «Hizb ut-Tahrir» partiyasiga a’zolik va konstitutsion tuzumga tajovuz qilish kabi ayblovlar bilan uzoq yillik qamoq jazosiga hukm etilgandi.

U tergov jarayonida o’zining qattiq qiynoqlarga solingani haqida aytgan. Keyinchalik Zarafshondagi qamoqxonada ham doimiy ravishda kaltaklanib kelganini bildirgan.

Xorijiy kuzatuvchilar O’zbekistonda qiynoqlar muntazam qo’llanib kelishini aytishadi. Biroq O’zbekiston rasmiylari, albatta, bu da’volarni tan olmaydi.

Xalqaro inson huquqlari guruhlariga ko’ra, O’zbekiston barcha mahkumlarning jasadlarini tekshirishga ruxsat bermaydi va odatda, kuch tizimlari tahdidlari ostida qolgan oila a’zolari mayitlarni tezda tuproqqa topshirishga majbur bo’ladilar.

O’XH xabar markazi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.