Bahor kelishi bilan Qirg’izistonda yana mitinglar

391
0

Bahor kirishi bilan Qirg’izistonda norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Jumladan, Jalol-Obod shahridagi chiqishlarda muxolifatchilar hibsdagi uch deputatni ozod qilishni, shuningdek, Qumtor oltin konini davlat tasarrufiga o’tkazishni talab qildi, deya xabar qiladi Amerika ovozi.

Jalol-Oboddagi ommaviy axborot vositalari markazi xodimi Daniyar Ergeshovning aytishicha, norozilik chiqishlarida 500-600 odam qatnashmoqda.

“Ular asosan Tashievning tarafdorlari, hamyurtlari. Birinchi kunlari mitinglarda ko’proq qariyalar qatnashgan bo’lsa, keyinchalik yoshlar ko’paydi. O’z navbatida ehtiroslar ham. Bo’lib o’tgan qurultoyda esa Qirg’izistonning boshqa joylaridan ham bir-ikkitadan vakil qatnashdi. Albatta asosiy talab hibsdagi Tashiev va uning ikki safdoshini ozod etish. Qumtor koni masalasi va qolgan talablar qo’shimcha bo’layotir”, – deydi Ergeshov.

Rasmiy Bishkek va mahalliy davlat tizimlari norozilik chiqishlariga ancha sabrli munosabatda. Ayni paytda bir guruh qariyalarning hokimiyat binosini ishg’ol qilishga urinishi hamda otliqlarning Jalol-Obod shahar maydoniga kirishi ham jiddiy qoralanmagan.

Tahlilchilar nazarida, Jalol-Oboddagi mitinglar qatnaщchilari turli yo’llar bilan bosim o’tkazishga harakat qilyapti. Jumladan, talablar bajarilmagan taqdirda joy-joylarda hokimiyat idoralarini xalq qo’liga olish tahdidlari yangragan.

“Ochig’ini aytganda, bu davlat tizimlariga ultimatumga o’xshayapdi. Aytish joizki, bunday usulni aslida ko’pchilik qo’llamaydi”, – deydi axborot vositalari markazi xodimi Daniyar Ergeshov.

Abdumalik Sharipovga ko’ra, vaziyat qanday rivojlanishi borasida hozirdan aniq bir narsa deyish qiyin.

“Ba’zi bir ma’lumotlarga qaraganda, norozilik qatnashchilari hech narsa qila olmaydi, deyilmoqda. Hattoki Qamchibek Tashievning hamqishloqlarining ko’pchiligi bunday qadamlarni qo’llamaydi. Lekin mitinglarga chiqishga majbur bo’lishyapti. Ikkinchi tomondan, Qirg’iziston yangi tarixidan bilamizki, 100-200 odam hokimiyat idoralarini egallab olsa, bu butun viloyatdagi hokimiyat ularning qo’liga o’tdi degan ma’noni anglatadi”.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.